October 28, 2023

“Toshkent dengizi” atrofida “yashil belbog‘” yaratiladi

Ruscha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2022 yil 11 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hamda hukumatning tegishli topshiriqlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati raisining “Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali amalga oshirishda Jamiyatning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan buyrug‘i qabul qilingan.

Mazkur buyruqqa muvofiq, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar hamda ularga erishish mexanizmi, mas’ul shaxslar va chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari belgilab berilgan. Ta’kidlash joizki, ushbu tadbirlar “O‘zbekneftgaz” AJning ESG sohasida belgilab olingan maqsad va vazifalari bilan uyg‘undir.

“Toshkent dengizi” “yashil belbog‘” deb atalgan ekologik zonalarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga daxldor ob’yektlardan biriga aylandi. Bu yerda bugungi kunga kelib 400 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Daraxt navlarini tanlash Fanlar akademiyasi tavsiyalari hamda hududning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda amalga oshirildi. Ko‘chat ekishda daraxtlarning qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lgan pavloniya, kashtan, archa, sarv, qarag‘ay va boshqa turlari tanlab olindi. Bu sanatoriy hududini bezatibgina qolmay, inson va tabiatni uyg‘unlashtiruvchi noyob landshaft ansamblini yaratish imkonini ham beradi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli boshqarma va korxonalar tomonidan joriy yilning 6 oktyabridan bugungi kungacha jami 21 859 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Yashil va ekologik toza kelajakka qo‘shilayotgan ushbu salmoqli ulush atrof-muhitni saqlash va sog‘lomlashtirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

Ta’kidlash joizki, ekilgan daraxtlar agrotexnik talablar asosida muntazam parvarish qilinib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi. Bu daraxtlarning o‘sishi, rivojlanishi va kasallanmasligi uchun yaxshi sharoitlarni ta’minlaydi.

“Toshkent dengizi” atrofida “yashil belbog‘”ning tashkil etilishi, hududda atrof-muhitni muhofaza qilish va mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu loyiha ekologik muvozanat va uyg‘unlikni ta’minlash, havo ifloslanishini kamaytirish va hududning tabiiy boyligini tiklashga xizmat qiladi. “Toshkent dengizi” dam oluvchilarga tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lgan holda o‘z salomatligini tiklash imkonini beruvchi, yam-yashil maydonlar qurshovidagi noyob maskanga aylanadi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli barcha korxona va obektlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tasdiqlangan rejalar asosida davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube