“Dolzarb 100 kunlik” dasturi: Matbuot anjumanida dastlabki natijalar eʼlon qilindi
Ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 2026-yil I chorak hamda “Dolzarb 100 kunlik” dasturi doirasida erishilgan natijalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Boshqaruv raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari Suhrob Hamroyev, qayta ishlash boʻyicha oʻrinbosari Abrorjon Xudoyberganov hamda Bosh geolog Nodirbek Muhiddinov ishtirok etdi.
Mazkur anjuman jamiyat faoliyatida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berish, ishlab chiqarishning asosiy yoʻnalishlarida erishilayotgan natijalar bilan ommani tanishtirish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
“Dolzarb 100 kunlik” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar oʻzining amaliy samarasini berib, geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, burgʻilash, qazib chiqarish, qayta ishlash, investitsiya siyosati va ijtimoiy himoya yoʻnalishlarigacha boʻlgan barcha bosqichlarda tizimli oʻzgarishlar kuzatilmoqda.
Iqtisodiy samaradorlik — ustuvor vazifa
Dastur doirasida, eng avvalo, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash va xarajatlarni maqbullashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa mablagʻlarni eng muhim yoʻnalishlarga — geologiya-qidiruv ishlari, texnik tadbirlar, qazib chiqarish va qayta ishlash sohalariga samarali yoʻnaltirish imkonini bermoqda.
Sarf-xarajatlarni tizimli qisqartirish va optimallashtirish natijasida joriy yilning dastlabki choragidayoq erishilgan samara va qisqartirilgan xarajatlar 2,5 trln soʻmni tashkil qildi.
Shu bilan birga, tovar-moddiy resurslar va xizmatlar narxlarini pasaytirish, debitor qarzdorliklarni undirish hamda ishlab chiqaruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish natijasida 1,8 trln soʻm mablagʻ tejaldi.
Shuningdek, matbuot anjumanida qayd etilganidek sohaga oid boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish orqali saqlash xarajatlari dastlabki uch oyda 30 mlrd soʻmga qisqartirildi. Qurilish va burgʻilash loyihalari qiymatini optimallashtirish hisobiga esa yil boshidan 438 mlrd soʻm tejaldi.
3 D seysmik-qidiruv ishlari 4 karra ortadi
2026-yilda geologiya-qidiruv ishlari mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Zamonaviy 3D seysmika tadqiqotlari asosida yangi istiqbolli maydonlar aniqlanib, zahira bazasi kengaytirilmoqda.
Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini oʻrganish hamda izlov burgʻilashga yangi stukturalar aniqlash maqsadida jami 10000 kv.km hajmda 3D seysmik ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 4 baravar koʻpdir.
Shuningdek, yer qaʼridan samarali foydalanish maqsadida 42 ta investitsiya bloki boʻyicha ruxsatnomalar olindi. Zamonaviy geofizik uskunalarni jalb etish, seysmik tadqiqotlar sifatini oshirish orqali resurs bazasini kengaytirish boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ta'kidlanganidek pudratchilar bilan ilgari tuzilgan shartnomalarni qayta koʻrib chiqish natijasida narxlar 20 foizgacha arzonlashtirildi va loyiha-smeta hujjatlarini takomillashtirish va ishlarni bajarish muddatini 3 oyga qisqartirish hisobiga umumiy hisobda 26,3 mlrd soʻm tejamkorlikka erishildi.
Burgʻilash: tarixdagi eng katta hajm
Joriy yilda “Oʻzbekneftgaz” tarixidagi eng katta burgʻilash hajmi amalga oshirilishi rejalashtirilgani qayd etildi. Jami 102 ta quduq burgʻilash koʻzda tutilgan boʻlib, shundan 57 tasi izlov-qidiruv, 45 tasi esa ishlatish quduqlaridir.
Amalga oshirilayotgan optimallashtirish choralari burgʻilash jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, vaqt meʼyorlarini takomillashtirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini bermoqda. Eng muhimi, mavjud resurslar doirasida qoʻshimcha moliyaviy yuklamasiz ish hajmini oshirishga erishilmoqda.
Yangi izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilashda vaqt meʼyorlarini qayta koʻrib chiqish, xronometraj natijalari asosida texnologik jarayonlarni takomillashtirish hamda normativ-meʼyoriy hujjatlarni yangilash boʻyicha texnik topshiriqlar ishlab chiqildi. Bu burgʻilash tannarxini pasaytirish bilan birga, ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qazib chiqarishda yangi bosqich
Joriy yil boshidan boshlabshu vaqtga qadar jami 16 ta quduqdan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta yangi kon topildi. Bundan tashqari 29 ta quduq taʼmirlandi va 11 ta texnologik tadbir amalga oshirildi.
Quduqlar tubidagi qatlam suvlarini yengillashtirish orqali, qazib olish barqarorligini taʼminlash maqsadida yangi texnologiyalar ustida ishlar olib borilmokda, bunda kimyoviy moddalarni keng qoʻllash tashkil etildi. AQSHning nufuzli Schlumberger kompaniyasi bilan hamkorlikda 10 ta plunjer nasos xarid qilish, Upwing Energy kompaniyasi bilan hamkorlikda esa quduqlarda quduq tubiga tushiriladigan kompressorlarni qoʻllash boʻyicha loyiha ishlari boshlangan.
Shuningdek, konlarda gaz qazib olish barqarorligini taʼminlash, zaxiralarni maksimal darajada oʻzlashtirish maqsadida qoʻshimcha 35 ta kichik kompressor agregati xarid qilinmoqda.
Chuqur qayta ishlashda — barqaror oʻsish
Hisobot davrida ishlab chiqarish koʻrsatkichlari barcha asosiy yoʻnalishlarda rejadan yuqori bajarildi. Gaz kondensati, suyultirilgan gaz, oltingugurt va polietilen mahsulotlari ishlab chiqarishda barqaror oʻsish kuzatilgani aytildi.
Jumladan, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga 132,2 ming tonna (rejaga nisbatan 102,0%) suyultirilgan gaz yetkazib berilib, ijtimoiy barqarorlik taʼminlandi.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida Jamiyat tomonidan
· tozalangan tabiiy gaz 4,789 mlrd m3 (rejaga nisbatan 100 %)
· gaz kondensati 141,3 ming tonna (rejaga nisbatan 114,5%)
· suyultirilgan gaz 152,9 ming tonna (rejaga nisbatan 110,7%)
· oltingugurt 48 ming tonna (rejaga nisbatan 122%)
· polietilen 36,1 ming tonna (103,9%) ishlab chiqarildi.
“Uzbekistan GTL” zavodida sintetik neft mahsulotlarini ishlab chiqarish barqaror yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yilga nisbatan mahsulot hajmi 89,1 ming tonnaga oshirilib, oʻsish surʼati 169 foizni tashkil etdi.
Investitsiya siyosati — yangicha yondashuv
“Dolzarb 100 kunlik” dasturi investitsiya siyosatini qayta koʻrib chiqishda muhim bosqich boʻldi. Endi har bir loyiha uning iqtisodiy samaradorligi va strategik ahamiyatidan kelib chiqib baholanadi.
Investitsiya siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri qazib chiqarishni modernizatsiya qilishga qaratildi. Xususan, Xitoyning CNPC korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi “XIBU” kompaniyasi bilan quduqlarni burgʻilash jarayoniga jalb qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. “Shandong Molong” va “Hengyang Valin” kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida 7 000 metrchuqurlikkacha burgʻilash ishlari uchun moʻljallangan, yuqori bosim va ogʻir geologik sharoitlarga mos zamonaviy quvur mahsulotlarini yetkazib berishga kelishildi.
Shu bilan birga, CNPC tarkibiga kiruvchi “BGP” kompaniyasi bilan muhokamalar natijalariga koʻra, uzoq muddatli hamkorlik asosida
2026-2028-yillarda 14 300 km kv maydonda geologik tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi.
Ijtimoiy himoya: inson kapitali — ustuvor yoʻnalish
“Oʻzbekneftgaz” AJda inson kapitaliga alohida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Chunki tarmoqning barqaror va uzoq muddatli rivojlanishi, eng avvalo, malakali va ijtimoiy himoyalangan kadrlarga bevosita bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va turmush sifatini oshirish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.
Bir soʻz bilan aytganda Jamiyat moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va ijtimoiy masʼuliyatni kuchaytirish orqali barqaror rivojlanish yoʻlida izchil harakat qilmoqda.
Matbuot anjumani davomida masʼul rahbarlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil maʼlumotlar berildi.