PRESS-RELIZ
Yangi gaz konlari, koʻproq yoqilgʻi zaxirasi hamda moliyaviy barqarorlik: “Oʻzbekneftgaz”ning toʻqqiz oylik natijalari
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda shaxsan davlat rahbarining nazorati ostida neft va gaz sohasini zamon talablari asosida tubdan isloh qilish, eskirgan usullardan voz kechib, eng ilgʻor innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarga tayanish borasida qatʼiy qadamlar tashlanmoqda. Yil boshidan “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida kechayotgan keng koʻlamli yangilanishlar hamda 9 oylik rekord moliyaviy-iqtisodiy natijalar yurtimizda uglevodorod qazib chiqarish hamda qayta ishlash sohasida yangi bir uygʻonish davri boshlanganidan dalolat bermoqda.
8 000 metr chuqurlik, modernizatsiya va AQSHning eng ilgʻor texnologiyalari
“Tadqiqot chuqurligi 4 500 metrdan 8 000 metrgacha kengaymoqda. Bu ilgari tasavvur ham qilib boʻlmagan yangi geologik qatlamlarni kashf etish demakdir.”
Soʻnggi 9 oyda geologiya-qidiruv ishlari natijasida 5 ta yangi uglevodorod koni ochildi. Bu mamlakatning neft va gaz xomashyo bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.
42 ta investitsiya blokida yangi konlarni aniqlash va chuqur qatlamlarni oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Xitoyning “BGP” kompaniyasi ishtirokida “Tagman”, “Kogon” va “Shaxpaxti” loyihalarida 3D seysmik qidiruv ishlari davom etmoqda.
Ustyurtdagi “Moʻynoq”, “Qiziljar”, “Gʻarbiy Quyi Surgil” va “Shagirliq-quyi yura” maydonlarida sanoat ahamiyatiga ega gaz va kondensat oqimlari olindi. Zaxiralar “Degolyer Maknauton” kompaniyasi tomonidan jahon standartlari asosida baholanmoqda.
Ustyurtdagi “Moʻynoq”, “Qiziljar”, “Gʻarbiy Quyi Surgil” va “Shagirliq-quyi yura” maydonlarida sanoat ahamiyatiga ega gaz va kondensat oqimlari olindi. Zaxiralar “Degolyer Maknauton” tomonidan jahon standartlari asosida baholanmoqda.
Seysmik tadqiqotlar hajmi 2025-yilga nisbatan besh baravar oshirildi: 7 430 km² maydonda 3D qidiruv oʻtkazildi. 17 ta yangi maydonda chuqur izlov burgʻilash boshlanib, 25 ta quduq qurilishi yakunlandi. Yil oxirigacha 3D tadqiqotlar qamrovini
11 900 km² ga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun geologik tadqiqotlar va burgʻilash ishlarini oʻzaro muvofiqlashtirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda texnik imkoniyatlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Oʻzbekgeofizika” AJning “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiga birlashtirilishi sohada mutlaqo yangi, yaxlit boshqaruv zanjirini vujudga keltirdi. Bu tarixiy qaror geologiya va qazib chiqarish oʻrtasidagi uzluksiz bogʻliqlikni taʼminlab, tadqiqotlardan tortib to quduqlarni qazishgacha boʻlgan vaqt va moliyaviy resurslarni bir necha barobar tejash imkonini bermoqda. Bugun jamiyat faoliyatini texnik va texnologik jihatdan yangilash doirasida AQSHning nufuzli INOVA kompaniyasi tomonidan jami 38 million dollarlik ikkita 20 ming kanalli 3D seysmik kompleks, yuqori harorat va bosimga bardoshli 216 komplekt quduq uskunasi, oltita karotaj hamda oʻnta geologik-texnologik tadqiqot stansiyasini xarid qilish rejalashtirilgan.
Milliy burgʻilash salohiyatida tarixiy yuksalish va 9 ming metrlik ufq
“9 000 metrgacha chuqurlikda ishlay oladigan 15 ta zamonaviy burgʻilash dastgohlari sanoatimiz salohiyatini jahon darajasiga koʻtaradi.”
Burgʻilash xizmatlarida tashqi pudratchilarga qaramlikni kamaytirish hamda tannarxni tushirish maqsadida Jamiyat tarkibida ixtisoslashtirilgan “UNG Burgʻilash” MCHJ tashkil etildi. Mazkur milliy korxona moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Xitoyning “CNLC”, “Honghua”, “CNTIC” va “RG Petro” kompaniyalaridan eng soʻnggi avloddagi ZJ-90, ZJ-70 va ZJ-40 rusumli 15 ta zamonaviy burgʻilash dastgohi xarid qilinmoqda. Buning yordamida rejalashtirilayotgan eng chuqur quduqlarni sifatli, arzon va texnologik jihatdan xavfsiz burgʻilash maqsad qilingan. Loyiha doirasida malakali muhandis, burgʻilovchi va texnik mutaxassislar uchun 1 000 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
5 ta yangi kon, 80 ta quduq va gorizontal burgʻilash
Yangi konlar — ertangi zaxira, tiklangan quduqlar — bugungi natija: toʻqqiz oyda 5 ta gaz koni ochildi, 114 ta quduqni taʼmirlash hisobiga kunlik gaz qazib chiqarish qoʻshimcha 4 million kub metrga oshirildi.
2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida 80 ta quduq burgʻilanib, “Qiziljar”, “Shagʻirlik” (quyi yura), “Telegri”, “Gulshanbogʻ” va “Kaprin” gaz konlari ochildi. Yangi konlar kelgusi qazib chiqarish uchun xomashyo bazasini kengaytirsa, mavjud quduqlarni tiklash, ularni taʼmirlash, konlardagi tabiiy pasayishni qoplashga xizmat qilmoqda.
Eng salmoqli natijalardan biri — 35 ta quduqdagi mukammal taʼmirlash ishlari. Ilgari toʻxtab qolgan quduqlarni qayta ishga tushirish, chuqurlashtirish va boshqa istiqbolli qatlamlarga oʻtish orqali kunlik qoʻshimcha gaz qazib olishga erishildi. Bu — taʼmirlash hisobidan olingan jami 4 million kub metrlik oʻsishning bir qismi.
Qazib chiqarish barqarorligini saqlash uchun 78,5 million dollarlik 35 ta kichik kompressorlar xarid qilinmoqda. Ularning 7 tasi yetkazib kelinib, montaj ishlari boshlangan.
Navbatdagi qadam — konlarda gaz mavjud qatlam boʻylab quduqlarni qiya va gorizontal yoʻnaltirib burgʻilash. AQSH va Xitoyning nufuzli “Schlumberger” va “CNPC” kompaniyalari bilan hamkorlikda joriy etilishi koʻzda tutilgan ushbu texnologiyalar yangi quduqlardan koʻproq gaz olish imkonini beradi. Tarmoqda ilk bor keng koʻlamda qiya yoʻnaltirilgan va gorizontal burgʻilash texnologiyalari joriy etilmoqda. Dastlabki ilmiy hisob-kitoblarga koʻra, bunday quduqlarda sutkalik qazib chiqarish oddiy vertikal quduqlarga nisbatan 50–60 foizgacha yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Koʻrilgan choralar natijasida oktyabr boshidan jamiyat boʻyicha kunlik gaz qazib chiqarish 1,6 mln kub metrga oshdi.
Yana 3 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish boshlanadi
Bugun — transport va aholi uchun yoqilgʻi, kelgusida — maishiy kimyo uchun mahalliy xomashyo: uni chuqur qayta ishlash mahsulot turlarini kengaytirmoqda.
9 oyda 41,8 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Reja 105,7 foizga ortigʻi bilan bajarildi, oʻsish surʼati 105,9 foizni tashkil etdi. Bu — qazib olingan xomashyoni yoqilgʻi va sanoat uchun tayyor mahsulotga aylantirish natijasidir.
Transport va aholi ehtiyojlari uchun 773,5 ming tonna avtobenzin, 759,7 ming tonna dizel, 210,6 ming tonna aviakerosin va 452,7 ming tonna suyultirilgan gaz hamda sanoat uchun 135,1 ming tonna oltingugurt va 101,3 ming tonna polietilen granulalari ishlab chiqarildi.
Kelajakda respublikada ilk bor sintetik moy, tozalangan parafin va chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. LAB — maishiy kimyo va sintetik yuvish vositalarining asosiy xomashyosi. Yangi mahsulotlar import oʻrnini bosish, valyuta tejash, mahalliy sanoatni arzon xomashyo bilan taʼminlash va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qishga tayyorgarlik: benzin zaxirasi 2,5 barobar koʻp
Neft bazalarda benzin zaxirasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar koʻp shakllantirildi. Bu mavsumiy ehtiyojni qoplash uchun qoʻshimcha yoqilgʻi zaxirasi yaratilganini anglatadi.
Neft bazalarda mahsulot realizatsiyasi koʻlamini kengaytirish, raqamlashtirish, hisob-kitoblarni avtomatlashtirish hamda boshqaruvni takomillashtirish natijasida tizim 9 oyni 25 milliard soʻm sof foyda bilan yakunladi. Shuningdek, tizim tarixida ilk bor tegishli tashkilotlardan neft mahsulotlarini saqlash xarajatlarini undirish hisobiga qoʻshimcha 270 milliard soʻm daromad olindi.
Iqtisodiy samara: 1,9 trillion soʻm tejam, 736,7 million dollar eksport
Kamroq xarajat — koʻproq imkoniyat: toʻqqiz oyda 1,9 trillion soʻm tejaldi, 2,6 trillion soʻm dividend hisoblandi, byudjetga 6,9 trillion soʻm toʻlandi.
Jamiyatda olib borilgan iqtisodiy islohotlar natijasida ulushi mavjud korxonalardan ilk bor 2,6 trillion soʻm dividend hisoblandi. Xarajatlarni maqbullashtirish orqali 1,9 trillion soʻm tejalib, reja 111,5 foizga bajarildi. Bu mablagʻlar geologiya-qidiruv, ishlab chiqarish, tizimning moddiy-texnika taʼminotini yangilash, xodimlar maoshini oshirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilmoqda.
Hisobot davrida eksport 736,7 million dollarga yetdi — reja 151 foizga bajarildi. 790 million dollar investitsiya oʻzlashtirildi (reja — 100,1 foiz). Mahalliylashtirish doirasida 17,3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi (139,4 foiz).
69 ta kredit shartnomasining 41 tasi boʻyicha qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin soʻndirish hisobiga 18 million dollar foiz xarajati tejaldi. Mahalliy kredit stavkalari 9,5–12 foizdan 7,4–7,5 foizga, kredit yelkasi 3,1x dan 2,2x gacha pasaydi.
Navbatdagi qadam — davlat kafolatidagi 1,1 milliard dollarlik kreditlarni qayta moliyalashtirish. 260 million dollarlik kredit stavkasini suzuvchi 5 foizdan qatʼiy 3,75 foizga, “Uzbekistan GTL”ning 840 million dollarlik qarzi stavkasini oʻrtacha 7,7 foizdan 3,8 foizga tushirish kutilmoqda.
Islohotlar markazida inson omili: yangi yotoqxonalar, qoʻshimcha ragʻbat va bepul ovqat
Erishilgan ushbu natijalar zamirida konchilar, muhandislar va ishchilarning mashaqqatli mehnati mujassam. Shu bois qahraton qish va sahro jaziramasida mehnat qilayotgan xodimlarni munosib ragʻbatlantirish, ular uchun qulay mehnat va maishiy sharoit yaratish “Oʻzbekneftgaz”da amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishidir. Shu maqsadda 9 oyda ishchi-xodimlarning oylik maoshlari 21 foizga oshirildi. Yashash sharoitlarini yaxshilash uchun Ustyurtda 160 oʻrinli, Shoʻrtanda 130 oʻrinli yotoqxonalar foydalanishga topshirildi. Ushbu ishlarning davomi sifatida yil yakuniga qadar barcha neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi yotoqxonalar va vagon-uylarni kapital taʼmirlash, isitish-sovitish tizimlarini yangilash hamda sanitariya talablariga moslashtirish rejalashtirilgan.
Xodimlarning kundalik ehtiyojlarini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilib, ishchilarni kuniga bir mahal bepul issiq ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Mehnat sharoitlarini yaxshilash choralari transport taʼminotini yangilash bilan ham uygʻunlashtirildi. Konlar uchun 52 ta maxsus yoʻltanlamas avtomobili, ishchilarni ish joylariga tashish uchun esa 58 ta zamonaviy, yangi avtobus sotib olindi.