Import mahsulotlarini mahalliylashtirishda “SOCAR” bilan hamkorlik qilinmoqda
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.
Ushbu hujjatda mamlakatda yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish va investitsiyalarni faol jalb etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talab yuqori bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va eksport salohiyatini oshirishga oid vazifalar belgilangan.
Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ va “SOCAR” Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida kimyoviy reagentlar va neft-gaz uskunalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida hozirda import hisobiga sotib olinayotgan kimyoviy moddalar, burg‘ilash suyuqliklarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, konlarni o‘zlashtirish va burg‘ilashda keng qo‘llaniladigan uskunalar, burg‘ilash va sementlash suyuqliklari uchun butlovchi qismlarni saqlash, tarqatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni ham o‘zlashtirish ishlari qamrab olinadi.
Boku shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ va “SOCAR”ning "Neftgaz" ilmiy tadqiqot loyiha instituti (ITLI) ekspertlar guruhining uchrashuvi o‘tkazildi. Unda loyiha bo‘yicha dastlabki biznes-reja ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi a’zolari burg‘ilash va sement shlamlari uchun xalqaro sertifikat asosida akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalari faoliyati bilan ham tanishdi.
Ushbu laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, hamkorlikdagi loyiha doirasida O‘zbekistonda ham xuddi shunday laboratoriya “SOCAR”ning "Neftegaz" ilmiy tadqiqot loyiha instituti (ITLI) tomonidan qurilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida qo‘shma ishchi guruh a’zolari loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlariga oid masalalarni ham kelishib olishdi.