Ayollar jamoalari intellektual turnirda bellashdi
Buxoroda o‘tkazilgan “Zakovat” va “Qviz” turnirlarida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan ayollardan iborat 19 ta jamoa o‘zaro bellashdi.
Turnir 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazildi va ayollar uchun haqiqiy intellektual bayramga aylandi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 1-o‘rinni, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi 2-o‘rinni, “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi 3-o‘rinni egalladi.
“Zakovat” shunchaki o‘yin emas, balki bilim, tezkor fikrlash va jamoaviy hamkorlik maydonidir. Har bir jamoa yuqori saviyadagi tayyorgarlik, g‘alabaga intilish va intellektual mahoratni namoyon etib, turnirni haqiqiy aqllar musobaqasiga aylantirdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ xotin-qizlar masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi va Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan ushbu turnir ishchi-xodimlarning intellektual rivojlanishi, shaxsiy va kasbiy o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.