Mavsumga tayyorgarlik jadal davom etmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat ishchi guruh “Uzbekistan GTL” zavodida 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumki, mavsum oldidan zavodda barcha texnologik qurilmalar, issiqlik tarmoqlari va elektr ta’minoti tizimlari chuqur tekshiruvdan o‘tkazilib, zarur ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shu maqsadda zavodda texnologik qurilmalarni ko‘rikdan o‘tkazish, katta sig‘imli jihozlarni ta’mirlash, kabel estakadalarini tekshirish, uzluksiz elektr ta’minoti manbalari va avtomatik ulash qurilmalarini sinash, issiqlik tarmoqlarida ta’mirlash va izolyasiyalash ishlari bajarilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari 1 oktyabrga qadar barcha ishlar to‘liq yakunlanib, zavodning mavsumga tayyorlik pasporti taqdim etilishi kerakligini ta’kidlab, o‘z taklif va tavsiyalarini berdilar.
Shuningdek, zavodda “GTL”da ishlab chiqarilayotgan sintetik yoqilg‘i mahsulotlari haqida ma’lumot berildi. Mahsulotlar sifat va standart talablariga to‘la javob berishi, ularni saqlash va iste’molchilarga yetkazish jarayonlari ham yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, ayni paytda zavodda “Performance test” muvaffaqiyatli yakunlanib, ishlab chiqarish 100% quvvatda olib borilmoqda.