Aholi turmush farovonligini oshirishga ko‘maklashilmoqda
Ma’lumki, mamlakatimizda davlat rahbarining shaxsan nazorati ostida kambag‘allikka qarshi kurashish, jamiyatning ijtimoiy va iqtisodiy holatini yaxshilash maqsadida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan bir qator amaliy ishlar qilinishi belgilab olingan.
Ushbu tadbirlar ijrosini ta’minlash uchun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Q. Hakimov, Termiz tumani hokimi Sh. Nazarov va Xalq qabulxonasi mudiri A. Normatovlar tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi eng og‘ir ahvoldagi “Yangiyer”, “Bunyodkor”, “Kelajak” va “Uchqizil” mahallalarida sayyor qabullar tashkil etildi. Uchrashuvlardan maqsad aholining ijtimoiy yordamga muhtoj oilalariga ko‘maklashish va ular bandligini ta’minlashdan iborat.
Muloqotlar davomida aholidan kelib tushgan murojaatlar tinglanib, muammolar va takliflar o‘rganildi, masalalarni bartaraf etish va tegishli choralarni ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga aniq tavsiya berildi. Ushbu tavsiyalar asosida ehtiyojmand oilalarga qo‘shimcha daromad manbasini yaratish uchun maxsus tadbirlar rejasi amalga oshiriladi. Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlash, turli kasb va malaka bilan bog‘liq dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida ushbu to‘rtta mahalla aholisini sug‘orish suvi bilan ta’minlash masalasi yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyat hokimligi va “Suvqurilishinvest” davlat muassasasiga muammoni bartaraf etish ishlarni kechiktirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish uchun murojaat yo‘llandi. Bu yo‘nalishda amaliy yordam ko‘rsatish, ishlarni tezroq va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan kelishuvlar olib borilmoqda.
Termiz tumanidagi mazkur mahallalardagi aholi bilan ishlashda faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish yoki daromad manbaasini yaratish emas, balki ularning umumiy hayot darajasini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Maqsad — bu tumandagi har bir oilaga o‘z ehtiyojlarini qondirish va kambag‘allikni qisqartirish uchun qulay sharoitlar yaratish.