May 4

Korxonalarda 250 milliard soʻmdan ortiq iqtisodiy samara beradigan qoʻshimcha tashabbuslar ishlab chiqildi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi topshirigʻi ijrosi doirasida maxsus ishchi guruh tomonidan jamiyat tizimiga kiruvchi asosiy ishlab chiqarish korxonalarida samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha imkoniyatlarini aniqlash maqsadida keng koʻlamli oʻrganish va tahlil ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunga qadar 6 ta ishlab chiqarish korxonasida joyiga chiqib oʻrganish ishlari yakunlandi. Tahlillar natijasida qator muhim yoʻnalishlarda, jumladan, autsorsing xizmatlarini ichki imkoniyatlar asosida tashkil etish, xarid va taʼminot tizimini takomillashtirish, zaxiralarni optimallashtirish, transport infratuzilmasi xarajatlarini kamaytirish hamda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha aniq tashabbuslar ishlab chiqildi. Ushbu tashabbuslardan kutilayotgan umumiy iqtisodiy samara 250 milliard soʻmdan ortiqni tashkil etmoqda.

Oʻrganishlar yakuniga koʻra, barcha takliflar tizimlashtirilib, har bir korxona kesimida amaliy dasturlar ishlab chiqilmoqda va bosqichma-bosqich joriy etish choralari koʻrilmoqda.

Tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq, ishchi guruh tomonidan bunday oʻrganish ishlarini jamiyatning barcha asosiy ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazish rejalashtirilgan. Mazkur chora-tadbirlar kompaniyaning barqaror rivojlanishi, xarajatlarni optimallashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini izchil oshirishga xizmat qiladi.

“Oʻzbekneftgaz” Axborot xizmati