O‘lchov asbob-uskunalarini mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda
“Uzbekistan GTL” MCHJ zavodidagi ishlab chiqarish quvvatlariga o‘rnatilgan metrologik va nazorat-o‘lchov asboblarini bosqichma-bosqich mahalliylashtirish maqsadida “Metrol” kompaniyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mutaxassislar texnik hamkorlik, xalqaro standartlarga javob beruvchi o‘lchov asbob-uskunalarni ishlab chiqarish va amaliyotda joriy etish imkoniyatlarini keng muhokama qilishdi. Asosiy e’tibor sanoatda aniqlik va samaradorlikni oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali energiya samaradorligini ta’minlashga qaratildi. “Metrol” kompaniyasi tomonidan yuqori aniqlikdagi manometrlar, harorat, sath va sarfni nazorat qiluvchi asbob-uskunalar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida ilg‘or texnologik yechimlar bo‘yicha fikr almashildi va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun: “Metrol” kompaniyasi sanoatda qo‘llaniladigan metrologik va nazorat-o‘lchash uskunalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasida jadal rivojlanayotgan kompaniya hisoblanadi.