Xitoy kompaniyasi gazni qayta ishlash zavodidagi raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishdi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan Muborak gazni qayta ishlash zavodiga Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli CPECC (China Petroleum Engineering & Construction Corporation) kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari zavodda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish va avtomatlashtirish jarayonlari, shuningdek ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy boshqaruv yechimlari bilan yaqindan tanishdilar.
Xususan, nordon gazlar tarkibidan oltingugurt ajratib olish qurilmasidagi uchta blokning ASUTP va nazorat-o‘lchov asboblari tizimlarini modernizatsiya qilish orqali texnologik jarayonlarni boshqarish sifatini oshirish, inson omilini kamaytirish hamda ishonchlilikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida mavjud bug‘ energiyasidan samarali foydalanish, bug‘ turbinasi orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda istiqbolli innovasion loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.