Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidagi raqamli innovatsion yechim xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Neft va gaz sanoatidagi eng yaxshi raqamli yechimlar” XIV-xalqaro tanlovi o‘tkazildi. “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ushbu tanlovga taqdim etilgan loyiha ham nominatsiya g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi bosh direktori o‘rinbosari F. Quvvatov va loyiha pudratchisi – “1C: Perviy Bit” kompaniyasi korporativ loyihalar bo‘yicha rahbari V. Burdin mukofotni qabul qilib oldilar.
Tanlov orqali har yili neft va gaz sohasida amalga oshirilgan IT va sanoatni avtomatlashtirish sohasidagi eng muhim loyihalarning mijozlari va ijrochilari e’tirof etib kelinadi.
Tadbirni tashkil etishdan maqsad, neft va gaz sanoati uchun raqamli innovatsion yechimlar va texnologiyalarni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro tajriba almashish, o‘zini oqlagan loyihalarni boshqa korxonalarda joriy etishdan iborat.
Joriy yilgi tanlovda butun jahon neft va gaz bozorida o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan “Gazprom”, “Lukoyl”, “Sibur” va “Zarubejneft” kompaniyalari, “Gazprombank” kabi yirik bank va moliya institutlari IT sohasida amalga oshirilgan loyihalari bilan 17 ta nominatsiya bo‘yicha ishtirok etdi.