“Standard Chartered Bank” vakillari bilan muzokaralar olib borildi
Jahonning yirik moliya tashkilotlaridan biri bo‘lgan “Standard Chartered Bank” va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar kreditlash hajmini oshirishning turli imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Xususan, qayta tiklanadigan kredit liniyasi tashkil etish yoki tomonlar o‘rtasidagi shartnomalarni kengaytirish orqali bank bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Standard Chartered Bank” Fors ko‘rfazi mintaqasidagi mavqeini inobatga olgan holda, joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJning moliyalashtirishga yordam berishga tayyorligini bildirdi. Sindikatlashgan kreditlar tashkil etish, qo‘shimcha yevroobligatsiyalar chiqarish va xedjlash strategiyalari kabi turli moliyaviy instrumentlar taklif etildi.
Shuningdek, atrof-muhitga zararni kamaytirishga qaratilgan loyihalar ham diqqat markazida bo‘ldi. Bu boradagi hamkorlik ekologik samaradorlikni oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ va “Standard Chartered Bank” o‘rtasidagi aloqalar klub bitimida kreditlash va yevroobligatsiyalar chiqarish kabi yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilgan. Bank yevroobligatsiyalar chiqarilishini baholash, narxni aniqlash, investorlarni jalb qilish, taqdimotlarni tashkil etish, joylashtirish jarayonini muvofiqlashtirish, taqsimlash, emissiya prospektini tayyorlash, investorlar bilan kelishuvlar kabi muhim vazifalarni bajaradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi. Bank vakillari qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish va jarayonlarni jadallashtirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.