July 31

Shoʻrtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasida sayyor qabul oʻtkazildi

Shoʻrtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasida "Oʻzbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisining qayta ishlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.Xudoyberganov ishtirokida boshqarma ishchi-xodimlari bilan navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.

Mazkur sayyor qabuldan koʻzlangan asosiy maqsad ishlab chiqarish jarayonlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning murojaatlari, taklif va tashabbuslarini bevosita tinglash, ularni oʻylantirayotgan masalalarni joyida oʻrganish hamda mavjud muammolarga amaliy yechim topishdan iborat boʻldi.

Ochiq va samimiy muloqot ruhida oʻtgan qabul davomida xodimlar tomonidan korxona faoliyatini yanada takomillashtirish, mehnat unumdorligini oshirish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda xodimlarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qator muhim takliflar bildirildi.

Xususan, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi ratsionalizatorlik takliflarini kengroq qoʻllab-quvvatlash, amaliyotga tatbiq etilgan tashabbuslar mualliflarini munosib ragʻbatlantirish hamda mazkur tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, xalqaro IELTS hamda davlat tomonidan tan olingan milliy til sertifikatiga ega boʻlgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tizimini qayta joriy etish, bu orqali xodimlarning xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish taklif etildi.

Muloqot davomida xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida avval amalda boʻlgan 13 oylik ish haqini qayta joriy etish masalasi ham koʻtarildi.

Bundan tashqari, ish haqi nisbatan kam boʻlgan xodimlarning mehnat yuklamasi, bajarilayotgan ish hajmi va lavozim maoshlarini qayta tahlil qilish hamda ushbu masalalarni adolat tamoyillari asosida ijobiy hal etish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Ilm-fan va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, PhD ilmiy darajasi uchun ilmiy izlanishlar olib borayotgan xodimlarga zarur sharoitlar yaratish, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun amaliy koʻmak berish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha ham takliflar bildirildi.

Sayyor qabul davomida bildirilgan barcha murojaat, taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni amaldagi meʼyoriy hujjatlar hamda mavjud imkoniyatlar doirasida oʻrganish, tegishli mutaxassislar ishtirokida koʻrib chiqish va ijobiy yechim topish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

“Shoʻrtan NGQChB” Matbuot xizmati