February 26

Talabalar amaliyot bilan tanishtirildi

Ruscha

I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bir guruh talabalari “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparatiga ekskursiya qilishdi.

Jamiyat tomonidan raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan jarayonlar, xususan, Dispetcherlik xizmati, Modellashtirish va Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazlari faoliyati bo‘lg‘usi mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yoshlarga dastlab, uglevodorod konlari, mavjud geologik-texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda uni doimiy ravishda yuritib borish maqsadida tashkil etilgan Modellashtirish markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi.

Shundan so‘ng, real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib borish imkonini beruvchi Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli markazda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkor aniqlash va oldini olish usullari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, yoshlar Markaziy ishlab-chiqarish dispetcherlik xizmatida quduqlardan qazib olinayotgan neft va gaz, joylarda olib borilayotgan burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlari, mahsulot quyish estakadalaridagi qoldiqlar, mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berish holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor onlayn tarzda to‘plash jarayonlarida ishtirok etishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook