Vodiy viloyatlariga avtobenzin hajmi oshiriladi
Havo haroratining keskin tushib ketishi va Farg‘ona vodiysida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati iste’molchilarining avtobenzinga bo‘lgan talabi taklifga nisbatan keskin oshdi.
Yuzaga kelgan mazkur ortiqcha talablarni qondirish maqsadida bugungi kunda Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarining avtobenzin ishlab chiqarish quvvatlari 3,3 ming tonnadan 4,0 ming tonnaga oshirildi yoki o‘rtacha kunlik 700 tonna qo‘shimcha avtobenzin ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan import asosida “SDK Group And“ korxonasi tomonidan olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi oshirildi.
Bu bilan ichki bozorda birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin miqdori savdosini oshirishga erishildi.
O‘tgan 2022-2023 yilgi anomal sovuq davridagi talablardan kelib chiqib, Farg‘ona vodiysidagi AYOQSHlarga yetkazib beriladigan kunlik avtobenzin hajmi 400 tonnadan o‘rtacha 800 tonnaga oshirildi.
Buning uchun talab etiladigan 7,8 ming tonna avtobenzin zaxirasi Farg‘ona vodiysi uchun safarbar etildi.
Yuqoridagilardan tashqari, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzinning asosiy qismi Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib berilishi ta’minlanmoqda.
Joriy oyning 13 sanasida “O‘zbekneftgaz” jamiyati tomonidan Farg‘ona vodiysidagi AYOQSHlarga jami 929 tonna jumladan, Andijon viloyatida 503 tonna, Namangan viloyatida 202 tonna va Farg‘ona viloyatida 224 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida Farg‘ona vodiysida “call centre” ishga tushirildi. Endi iste’molchilar haftaning 7 kuni davomida soat 08:00 dan 20:00 gacha neft bazalar bilan bog‘lanib, avtobenzin ta’minoti bo‘yicha ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.
Andijon viloyati – (90) 759-00-27;
Namangan viloyati – (97) 251-70-00;
Farg‘ona viloyati – (73) 244-78-80.