Yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha bilimlar mustahkamlandi
“O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparatida 8 dekabr – Konstitutsiya kuni munosabati bilan yangilangan Bosh qomusimizning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita a’zosi Muhtabar Xusanova, Konstitutsiyaviy sud sudyasi Akmal Rahmonov, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari Faxriddin Madiyev, Jahongir Boqiyevlar ishtirok etgan tadbirda ma’ruzachilar tomonidan yangi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan "O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Usmanov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini berganini qayd etdi.
Raqamli texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda yangilangan Konstitutsiyada shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini ta’minlashga oid kiritilgan 31- moddaning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza ishtirokchilar uchun qiziqarli bo‘ldi.
“Inson tug‘ilganidan boshlab u haqidagi ma’lumotlar uning hayoti davomida biror-bir joyda "iz" qoldiradi. Shifoxona, FHDYO bo‘limlari, bog‘cha, maktab, banklar va boshqa tashkilotlarda, kundalik foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yoki ma’lumotlar bazalarida shaxsning foto, video, audio, yozma yoki elektron shaklidagi shaxsga doir ma’lumotlar mavjud.
Bosh qonunimizdagi ushbu modda orqali bunday ma’lumotlardan foydalanish jarayonlari tartibga solib qo‘yilgani bilan ahamiyatlidir", deydi ma’ruzachi Faxriddin Madiyev.
Tadbirda shuningdek, endilikda sudlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri konstitutsiyaviy me’yorlarni qo‘llash amaliyoti joriy qilingani qayd etildi.
Oliy Majlis vakili Muhtabar Xusanova yangilangan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etgani, unda barcha qatlam manfaatlari aks etgani hamda referendum orqali qabul qilingan ushbu hujjatning chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lganidan dalolat ekanligini ta’kidladi.