“Fitch Ratings” agentligi “O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro kredit reytingini “BB-” “barqaror” darajasida qayta tasdiqladi
“Fitch Ratings” agentligi “O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro kredit reytingini “barqaror” bashorati bilan “BB-” darajasida qayta tasdiqladi.
2021 yilning fevral oyida Jamiyatda xalqaro kredit reytinglarini olish bo‘yicha tizimli ishlar boshlangan edi. O‘tgan ikki yil davomida xalqaro reyting agentliklaridan reytinglar davomiy olib kelinmoqda.
“Fitch Ratings” agentligi tomonidan berilgan navbatdagi hisobotda “O‘zbekneftgaz” AJning davlat bilan mustahkam aloqalari reyting baholashning asosiy omillari sifatida ta’kidlangan. Shu bilan bir qatorda kelgusi yillar davomida Jamiyatning “Upstream” (qazib chiqarish va gelogik qidiruv ishlari) ko‘rsatkichlari keng miqyosda barqaror deb qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, "O‘zbekneftgaz" AJ mamlakat iqtisodiyoti real sektorida suveren darajada xalqaro kredit reytingini olgan va saqlab kelayotgan birinchi kompaniya hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: “Fitch Ratings” - amerika korporatsiyasi bo‘lib, asosan reyting agentligi sifatida tanilgan. Xalqaro reyting agentliklarining “Katta uchlik”gidan o‘rin olgan. Kompaniya jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit reytinglari, tushunchalar va ma’lumotlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan.
Kredit reytingi - bu risk omillarini baholash asosida qarz oluvchining umumiy to‘lovni amalga oshirishga layoqati yoki muayyan qarz majburiyatlari haqida qarz oluvchining kredit to‘loviga layoqatliligi bo‘yicha reyting agentligining fikrini anglatadi.
“BB-” darajasi kredit xavflari mavjud bo‘lishiga qaramay kompaniya investorlar va kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajara olishini bildiradi.