Tashabbus va mas’uliyat: Boshqaruv raisiga bevosita bo‘ysunuvchi departamentlar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi
Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobot yig‘ilishi Jamiyat Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Unda maslahatchilar, Ijro intizomini nazorat qilish va boshqaruv apparati bilan ishlash, Yuridik, Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish, Sanoat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish, Markaziy ishlab chiqarish-dispetcherlik departamentlari va Korporativ kotibiyat mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Boshqaruv raisi to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunuvchi departament va xizmatlar faoliyatiga alohida to‘xtalib, ularning mas’uliyati ikki barobar yuqori bo‘lishi, boshqa tuzilmalarga namuna bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, faqat ijrochi emas, balki tashabbuskorlik ruhini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, yil boshida berilgan topshiriqlarning ijro ko‘rsatkichlari qoniqarli emas. Ayniqsa, jamiyat manfaatlari bilan bog‘liq sud ishlarini jadallashtirish, qarzdorliklarni undirishdagi sustkashliklarga chek qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Markaziy ishlab chiqarish-dispetcherlik yo‘nalishida esa qazib chiqarish va ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Har bir mahsulot hajmini — qancha qazib olinayotgani, ishlab chiqarilayotgani va sotilayotganini aniq hisobga olish faqat raqamli tizimlar orqali ta’minlanishi qayd etildi. Shuningdek, barcha ishlab chiqarish zanjirlarida miqdorlarning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda kasaba uyushmasi, matbuot xizmati, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishlarda tashabbuslar yetishmayotgani tanqid qilinib, muammolarni joyida hal qilish, quyi bo‘g‘in tizimini samarali ishlatish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Yoshlar siyosati doirasida esa til o‘rgatish bo‘yicha grantlar jalb qilinishi, ushbu mablag‘lar sohani rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Kasaba uyushmasi tizimida xodimlarni gigiyenik vositalar bilan ta’minlash holati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Shuningdek, chat-bot orqali kelib tushayotgan takliflar asosida, qulay mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha mas’ullarga taklif ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.