March 12

Germaniyalik hamkorlar bilan yangi tizim joriy etilmoqda

Ruscha

Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ va Germaniyaning “SAP” kompaniyasi rahbariyati ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu uchrashuv 2023 yil kompaniyalar o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining Germaniyaga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da “O‘zbekneftgaz” AJda integratsiyalashgan "SAP" asosida "ERP" tizimini joriy etish belgilangan.

Qayd etish joizki, "ERP" tizimini joriy etish eng yaxshi moliyaviy natijaga erishish uchun Jamiyat tasarrufidagi tashkilotlarning maksimal integratsiyasini ta’minlaydi. Yagona tizim axborotni uzatishda inson omili bilan bog‘liq xatolarni bartaraf etish imkonini beradi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Jamiyat mutaxassislari tomonidan “O‘zsanoatqurilishbank” ATBda joriy etilgan "SAP BPC" (Business planning and consolidation) tizimi o‘rganildi. Shuningdek, "SAP PI/PO" (Process Integration/Process Orchestration) funksiyalari va imkoniyatlari boshqa xalqaro kompaniyalar yechimlari bilan solishtirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat ishchi guruh "SAP PM" (Plant Maintenance) – texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash modullari, "SAP FI" (Financial Accounting) – moliyaviy menejment, "SAP MDG" (Master Data Governance) – markazlashtirilgan ma’lumotlarni boshqarishni joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

"SAP"ning O‘zbekistondagi vakillari bilan birgalikda loyihaning yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Ayni paytda "SAP" asosidagi "ERP" tizimi uchun texnik shartlarning tashkiliy-funksional ko‘lamini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bugungi uchrashuv kun tartibida esa "ERP" tizimini joriy etishda tomonlarning vakolat doirasidagi javobgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Muloqotda “SAP” kompaniyasi vakillari tomonidan global sanoat tendensiyalari bo‘yicha erishilgan natijalar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Yig‘ilish so‘ngida Jamiyatda "ERP" tizimini amalga oshirish bo‘yicha tegishli masalalarning hal etish usullari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, "SAP" – 180 ta mamlakatda mintaqaviy vakolatxonasiga ega bo‘lgan analitik dasturiy ta’minot yaratuvchi sifatida tanilgan Germaniya kompaniyasi hisoblanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook