August 7, 2023

Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston hukumati neft sifati pastligi sababli 67 ta sisternadagi neftni O‘zbekistonga qaytarib yuborgani haqidagi xabarlarga munosabat

Ruscha

Joriy yil 17 may kuni “Uzbekistan GTL” MCHJ va Turkiya kompaniyasi o‘rtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish bo‘yicha offteyk shartnomasi imzolangan.

24-26 iyun kunlari xaridor talabnomasiga asosan, “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 ta vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi “Kengsoy” stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirilgan.

Ma’lumot o‘rnida “Uzbekistan GTL” MCHJ zavodining dizel yonilg‘isi uchun sintetik komponent EN 15940 Yevropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina O‘zbekistonda “O’zDSt 3134-2017” davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Hozircha Afg‘onistonda bu standart joriy qilinmagan.

Mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afg‘onistonning ANSA (Afg‘oniston standart agentligi) tashkilotida ro‘yxatdan o‘tmaganligi haqida xaridorga ham ma’lum qilingan. Xaridor tomonidan mahsulot komponent sifatida an’anaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afg‘oniston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilgani bildirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ shuni ma’lum qiladiki, xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 ta vagon) sifatli mahsulot uchun to‘lov 100 foiz amalga oshirilgan, Afg‘oniston hukumati tomonidan “Uzbekistan GTL” MCHJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini o‘zi belgilaydi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar doimiy va tizimli ravishda xalqaro va milliy standartlarga muvofiqlashtirib boriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube