October 17, 2025

Nukusda Investisiya forumi va sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda

Nukus shahrida “Tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, neftkimyo sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, mebelsozlik, elektroenergiya va elektrotexnika mahsulotlari sanoati”ga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Investisiya forumi o‘z ishini boshladi.

Tadbirda mamlakatimizdagi 185 ta korxona o‘zining 600 dan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Qayd etish joizki, yarmarkada “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarmoq korxonalari ham yagona ko‘rgazma stendi bilan qatnashmoqda.

“Uzbekistan GTL” MCHJ yangi turdagi sintetik yoqilg‘ilari, “Uz-Kor Gas Chemical” MCHJ QK, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahsulotlari, neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari uchun importdan xarid qilinadigan mahsulotlar namunalari mahalliy ishbilarmon doiralari vakillariga namoyish etilmoqda.

Sanoat yarmarkasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulot turlarini yanada boyitishga qaratilgan.

Shuningdek, tadbir doirasida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati taqdimoti, B2B uchrashuvlar hamda investision imkoniyatlar va yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinadi.

Mazkur yarmarka mahalliy sanoat korxonalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, yangi texnologiyalarni joriy etish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi Matbuot xizmati