February 19

O‘zbekistonda ilk bor tarmoqsimon polietilen ishlab chiqariladi

Ruscha

Mamlakatimizda ilk bor tarmoqsimon polietilen xomashyosini ishlab chiqarish loyihasiga oid yakuniy kelishuv imzolandi. Ushbu hujjatlar asosida “NASAF XCP TECHNO” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, loyihaga rasman start berildi.

Mazkur korxona Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Xitoyning “Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” kompaniyasi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zo “Techno Cable Group” korxonasi hamkorligida tashkil etildi.

Ushbu loyiha natijasida O‘zbekistonda ilgari mavjud bo‘lmagan mahsulotni ishlab chiqarish orqali ichki bozorning yillik 25-30 ming tonnalik ehtiyoji mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplanadi.

Ma’lumot uchun, tarmoqsimon polietilen (PE-X) oddiy polietilenga nisbatan ancha mustahkam, elastik va yuqori haroratga chidamli bo‘lib, suv va gaz quvurlari, isitish tizimlari, elektr izolyasiyasi sohalarida qo‘llaniladi.

8 million AQSH dollari qiymatidagi mazkur loyihaning ishga tushirilishi import hajmini yiliga 30 million AQSH dollariga kamaytirib, 65 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga hamda ichki sanoat tarmog‘ini mustahkamlashga xizmat qiladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook