Yesterday

Zavodda energiya va texnologiya samaradorligi ko‘rsatkichlari yaxshilandi

2025 yilning 9 oylik yakuni bo‘yicha Muborak gazni qayta ishlash zavodi faoliyati samaradorlik indekslari asosida tahlillar o‘tkazildi.

Erishilgan ko‘rsatkichlar va ularni yanada yaxshilash bo‘yicha keyingi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish tashkil etildi. Unda korxona rahbariyati, bo‘lim, xizmat va bo‘linma boshliqlari ishtirok etdi.

Kun tartibida texnologiya va energiya samaradorligi, omborlardagi tovar-moddiy boyliklar qoldig‘i darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.

Natijaga ko‘ra, barcha indekslarda sezilarli yaxshilanish kuzatildi. Xususan, tovar-moddiy boyliklari qoldig‘i hajmi 2024 yil 9 oylikdagi 66,8 mlrd so‘mdan 2025 yilning shu davrida 49,4 mlrd so‘mgacha qisqardi. Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar natijasida energiya sig‘imi 2024 yilga nisbatan 2,5 kg sh.yo/ming m³ ga kamaydi.

Bu natijalar korxonada resurslardan samarali foydalanish, xarajatlarni optimallashtirish hamda barqaror ishlab chiqarish jarayonini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini namoyon etmoqda.

“Muborak GQIZ” MCHJ Matbuot xizmati