“Tegirmon” konida gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi ishga tushirildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish va geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari va gaz kondensatini ajratib olish hajmini ko‘paytirish maqsadida “Tegirmon” konida gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi ishga tushirildi.
Buning natijasida “Tegirmon” konidagi 4r,7,9,10,12,14,15,16,18,19,21,23-sonli quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan qatlam suvlari, gaz kondensati va mexanik birikmalar ajratib olinadi. So‘ngra dastlabki tayyorlangan tabiiy gaz yangi qurilgan diametri Ø 273mm, uzunligi L-16 km bo‘lgan gaz quvuri orqali boshqarmaga yetkazib beriladi.
Shuningdek, gaz quvurida gidravlik qarshilik, siqilishlarning oldi olinadi, “Tegirmon” konidan “Xodjasayat” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasigacha o‘tkazilgan gaz quvurining o‘tkazuvchanligi oshiriladi hamda quvurlarni korroziyaga uchrash holati kamayadi.
Loyihani amalga oshirishda zarur bo‘lgan apparat va uskunalar Jamiyat ichki imkoniyatidan foydalangan holda, “O‘zLITIneftgaz” AJ texnik yechimi asosida tanlandi.
Tabiiy gaz quvurining qurilish va montaj ishlari “MNG Quruvchi” MCHJ korxonasi tomonidan amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun: “Tegirmon” koni Buxoro viloyatining Olot tumanida joylashgan bo‘lib, undan 2019 yildan buyon foydalanib kelinadi.