Neft va gaz obyektlarini ishlatish va jihozlashni boshqarish masalalari muhokama qilindi
Bugun “O‘ZLITINEFTGAZ” AJda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari va Texnika universitetlari hamkorligida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Nedra”, “Tatneft” kabi yirik kompaniyalar, Ozarbayjon Neft, gaz va kimyo geotexnologik muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Sankt-Peterburg Davlat Iqtisodiyot universiteti, Qirg‘iziston Yer qa’ri amaliy tadqiqotlari Markaziy Osiyo instituti, Tojikiston Milliy Fanlar Akademiyasining geologiya va seysmologiya instituti, vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Konferensiyada uglevodorod xom ashyosini qazib chiqarishni optimallashtirish bilan bog‘liq istiqbolli geologik va texnologik yechimlar va yangi loyihalarni joriy etishga qaratilgan tadqiqotlar bilan bog‘liq muammoli masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek geologik, texnologik va moliyaviy xavflarni boshqarishning yangi tamoyillarini qo‘llashni nazarda tutadigan moliyaviy-iqtisodiy sxemalar bo‘yicha neft va gaz qazib chiqarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tabiiy gazni qazib chiqarish va qayta ishlash tizimlarida past bosimli tabiiy gaz va qimmatbaho komponentlarni utilizatsiya qilish, shuningdek texnologik konturiga ishlab chiqarish korxonalarini kiritish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish masalalari va texnologiyalari alohida yoritiladi.
Toshkent Davlat Texnika universitetining ilmiy va o‘quv jarayonini ilmiy-texnologik va loyihalash institutlari tadqiqotlariga integratsiyalashuvi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.