Jamiyatda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar soni ortadi
“O‘zbekneftgaz” AJ hamda “EASY860” MCHJ mas’ullari hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda mahalliy korxonaning mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashildi.
Toshkent viloyatida joylashgan ushbu korxona suvni tozalash, neft tayyorlash kabi sanoat uskunalarini himoya qilishga mo‘ljallangan yuqori sifatli maxsus kimyoviy moddalar ishlab chiqaradi.
Uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarma va korxonalarning import mahsulotlariga bo‘lgan yillik ehtiyojlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi hamda ularni hamkorlikda o‘zlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchi neft va gaz korxonalari ehtiyojlari uchun deemulgator, turli ingibitorlar, koagulyant, biosid, prisadkalar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan korxonaning ishlab chiqarish ob’yektlarida o‘rganish olib borishga kelishildi.