“O‘zbekneftgaz”: “Uzbekistan GTL” zavodida raqamlashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatishni boshqarish tizimi joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz AJ”da zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va kompaniya biznes jarayonlarida ilg‘or tajribalarni qo‘llash maqsadida raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida, texnologik qurilmalar va uskunalarini ekspluatatsiya davriyligini uzaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, bir maromda va xavfsiz ishlatilishi ta'minlanmoqda.
Ushbu sa'y-harakatlar doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston neft-gaz va energetika sanoati tarixida ilk bor “CMMS” - kompьyuterlashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatishni boshqarish tizim–dasturi amaliyotga tatbiq etildi.
“CMMS” tizimini joriy etish orqali “Uzbekistan GTL” zavodidagi 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalari bo‘yicha ma'lumotlar bazasini, texnik xizmat ko‘rsatish va profilaktika ishlarini rejalashtirish, ta'mirlash talabnomalarini tayyorlash, inventarizatsiyani hisobga olish komponentlarini va materiallarni sotib olish bo‘yicha so‘rovlarni to‘liq avtomatlashtirishga va texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishini raqamlashtirishga erishildi.
Ushbu tizim Avstraliyada texnik xizmat ko‘rsatishni boshqarish tizimi bo‘yicha yetakchi bo‘lgan “Maintenance Experts Pty Ltd” kompaniyasi tomonidan “Uzbekistan GTL” Kompaniyasi biznes jarayonlari xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqildi. Milliy va xalqaro qonunchilik normalariga hisobga olgan holda Kompaniya doirasida moslashtirildi. Ushbu dastur o‘zining foydalanishda osonligi va samaradorligi bilan dunyoning boshqa davlatlardagi turli xil korxonalarida ham muvaffaqiyatga erishgan.
Ushbu dasturiy ta'minotni joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad texnologik qurilmalar va uskunlarning ekspluatatsiyasida muntazam profilaktik (priventiv) texnik ko‘riklar o‘tkazib borish orqali ishlab chiqarish jarayonlarini uzoq vaqt davomida to‘xtovsiz ishlashini ta'minlash va texnik xizmat ko‘rsatishni rejalashtirishda inson omilini minimallashtirishdir.
Mazkur tizim texnik xizmat ko‘rsatish jadvaliga muvofiq almashtirilishi yoki ishlatilishi kerak bo‘lgan ehtiyot qismlar, sarf materiallari hamda uskunalani hisobini avtomatik tarzda olib boradi. Bunda mavjud omborda qoldiqlar, sotib olish zaruriyati va boshqa hisob yuritishlarini avtomatlashtirilgan holda olib boradi.
Ushbu tizim orqali uskunalarni ta'mirlash xarajatlarini kamaytirilishini, ishlarni reja asosida tashkil etishni va yuqori samaradorlikni amalga oshirilishini ta'minlaydi.
Qurilma va uskunalar bo‘yicha ma'lumotlar bazasi kiberxavfsizlik talablariga to‘laqonli javob beradigan “Uzbekistan GTL” kompaniyasining serverlarida saqlanadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini namunaviy tarzda raqamlashtirish va to‘liq avtomatlashtirish borasidagi ishlar faol davom etmoqda.