Tabiiy gazning yangi ichki tarmoq tarifi tasdiqlandi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 sentyabrdagi 475-son “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan respublika yakuniy iste’molchilari uchun 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab yoqilg‘i-energetika resurslarining, shu jumladan tabiiy gazning, yangi tariflari tasdiqlandi, unga ko‘ra aholi uchun tarifning miqdori o‘zgarishsiz qoldi.
Bundan tashqari, mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilarning yangi ichki tarmoq tariflari tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur tariflarning o‘zgarishi yakuniy iste’molchilar, jumladan aholi, uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflariga ta’sir o‘tkazmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining qaroriga muvofiq “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan respublika ichida sotiladigan tabiiy gaz tarifining yangi miqdori tasdiqlandi.
Unga asosan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan sotiladigan tabiiy gazning 1 ming kub metr uchun tarifi qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda quyidagicha miqdorlarni tashkil qiladi:
• “Sho‘rtan GKM” MCHJ uchun 320 000 so‘m;
• “Uzbekistan GTL” MCHJ uchun 23,5312 AQSH dollari;
• “UzGasTrade” AJ uchun 450 000 so‘m.
Shuningdek, “Sho‘rtan GKM” MCHJ tomonidan “Uzbekistan GTL” MCHJ va “UzGasTrade” AJ uchun sotiladigan tabiiy gazning 1 ming kub metr uchun tarifi qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda mos ravishda 23,5312 AQSH dollari va 450 000 so‘mni tashkil qiladi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” Qonuniga muvofiq mazkur yangi tariflar rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 15 kun o‘tgach, ya’ni joriy yil 14 noyabrdan boshlab kuchga kiradi.