“FIVE Petroleum” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi
Davlatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi Malayziyaning yirik “FIVE Petroleum” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari, strategik yo‘nalishlar va sohani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor ko‘p funksiyali infratuzilmani yaratish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilish, standartlarni muvofiqlashtirish va neft mahsulotlarini qazib olish, qayta ishlash va tarqatish borasida innovasion yechimlarni qo‘llash kabi masalalarga qaratildi.
Tomonlar sohani modernizatsiya qilishda xalqaro tajriba va ilg‘or ishlanmalar ahamiyati muhimligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirishdi. Jumladan, ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish, logistika jarayonlarini optimallashtirish va ishlab chiqarish quvvatlarining energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv natijasida sohaning barqaror rivojlanishi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qayd etish joizki, “FIVE Petroleum” 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Malayziya bo‘ylab avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish stansiyalarining 110 dan ortig‘iga ega. Kompaniyaning shtab-kvartirasi Kuala-Lumpurda joylashgan.