May 12, 2023

“O‘zbekneftgaz”: “SOCAR” kompaniyasi bilan kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik aloqalari davom ettirilmoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ hamda Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi – “SOCAR” o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xarita”sida kadrlar tayyorlash, xodimlar o‘rtasida tajriba almashish sohasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish vazifasi ham belgilangan.

Mazkur “Yo‘l xarita” ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning may oyi boshida “SOCAR” kompaniyasining kadrlar bilan ishlovchi bir guruh mutaxassislar “O‘zbekneftgaz” AJga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida “SOCAR” xodimlari va “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati hamda kadrlar bo‘limi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Korxonalarni tashkiliy rivojlantirish va xodimlarni me’yoriylashtirish, kadrlar bilan ishlash, ishga qabul qilish, o‘qitish, kadrlarni baholash va rag‘batlantirish hamda tajriba almashish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Uchrashuvda kompaniyalar o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xarita” ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tashrif doirasida Ozarbayjon kompaniyasi xodimlari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va “Uzbekistan GTL”ga tashrif buyurishdi. zavodlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda mutaxassislar xodimlar bilan olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma’lumotlar oldilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hamkorlik doirasida “SOCAR” xodimlarining bir guruhi “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tashkilotlariga tashrif buyurgan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|