Gazli hududida 2500 kv km maydonda 3D seysmik-qidiruv ishlari boshlandi
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati yurtimizda neft va gaz qazib chiqarish sohasini rivojlantirish, konlarni qidirishning ilg‘or texnologiyalarini umumlashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
Mamlakatning energetik mustaqilligini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq katta ishlab chiqarish va texnologik salohiyatga ega ishonchli korxonalarni hamkorlikga jalb etmoqda. Jumladan, Tatarstonning “TNG-Grupp” kompaniyasi bilan hamkorlikda Gazli regionining Doyaxotin uchastkasida 2500 kv km hajmda 3D seysmik-qidiruv ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida 20 ta konning raqamli geologik modelllarini yaratish, ularning chuqur qatlamlarini o‘rganish orqali konlarning qo‘shimcha istiqbollarini baholash, shuningdek 25 dan ortiq yangi maydoning uglevodorod resurslarini aniqlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish mo‘ljallangan.
Hozirda jalb qilingan ishchi xodimlar barcha texnik anjomlar bilan to‘liq jihozlangan hamda tegishli yo‘riqnomalar asosida qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
Ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, masalalar yechimiga kompleks yondashuv va yuqori malakali yetuk mutaxassislar ishtirokida loyihaning asosiy qismini joriy yilning oxirigacha yakunlash mo‘ljallanmoqda.