“O‘zbekneftgaz” AJ “Baku Energy Week” haftaligida ishtirok etmoqda
2025 yil 2–4 iyun kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida mamlakat Energetika vazirligi hamda “SOCAR” davlat neft kompaniyasi hamkorligida an’anaviy “Baku Energy Week” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Kaspiybo‘yi mintaqasida energetika sohasidagi eng nufuzli va yirik tadbirlardan biri hisoblangan ushbu forumda “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etmoqda.
Qayd etish joizki, haftalik doirasida energetika sohasiga oid uchta yirik tadbir — “30-Xalqaro Kaspiy neft va gaz” ko‘rgazmasi, “13-Kaspiy xalqaro energiya va qayta tiklanadigan energiya manbalari” konferensiyasi hamda “30-Boku energetika forumi” tashkil etilgan.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etib, o‘z nutqida forumning mamlakat energetik salohiyatini xalqaro sarmoyadorlar hamda hamkorlarga namoyon etishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Forum doirasida Ilhom Aliyev “O‘zbekneftgaz” AJning korporativ stendiga tashrif buyurib, kompaniyaning Ozarbayjondagi hamkorlari bilan amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusidagi investisiyaviy rejalari bilan yaqindan tanishdi. Davlat rahbariga mazkur loyihalarning mazmun-mohiyati va istiqbollari batafsil taqdim etildi.
O‘z navbatida, Ilhom Aliyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va strategik hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari hamda ko‘rsatgan yetakchiligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
“Baku Energy Week” doirasida neft-gaz sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar, uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, gaz qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish, axborot texnologiyalarini joriy etish, innovasion yechimlardan foydalanish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda “B2B” va “B2G” formatlarida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.