Buxoro ko‘chalarida sport va madaniyat uyg‘unligi
Joriy yilning sentyabr oyida tarixiy Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Bukhara Night Race” marafoni turli viloyatlar va xorijiy davlatlardan minglab ishtirokchilarni birlashtirdi. Musobaqaning asosiy yo‘nalishlari 5, 10 va 21,1 kilometr masofalarni o‘z ichiga oldi.
Ushbu nufuzli musobaqada "O‘zbekneftgaz" AJ va Buxoro neftni qayta ishlash zavodining faol va tashabbuskor xodimlari ham munosib ishtirok etdi. Ular nafaqat sportdagi yuksak natijalar, balki jamoaviy ruh va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda namuna bo‘ldilar.
Bu yilgi marafon o‘zgacha ruhda o‘tdi. Chunki “Bukhara Night Race” ilk bor Buxoro biyennalesi bilan hamohang tashkil etildi. Yugurish yo‘nalishlari shaharning tarixiy markazidan o‘tib, karvonsaroylar, madrasalar va qadimiy me’moriy yodgorliklarni qamrab oldi. Shu tariqa sport va madaniyat uyg‘un tarzda namoyon bo‘ldi.
Musobaqa plogging — ya’ni sport va atrof-muhitga g‘amxo‘rlikni uyg‘unlashtirgan harakat bilan boshlandi. Ishtirokchilar masofani bosib o‘tish jarayonida Buxoro ko‘chalarini yanada toza va qulay qilishga ham hissa qo‘shdilar.
“Bukhara Night Race” musobaqasi Samarqand Marathon turkumining ajralmas qismi bo‘lib, nafaqat sportchilar, balki butun jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.