May 3, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Germaniya banki vakillari bilan uchrashuvda hamkorlikning keyingi bosqichlari muhokama qilindi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari hamda Germaniyaning “Deutsche Bank AG” banki vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda hamkorlikning keyingi bosqichlari muhokama etildi.

Uchrashuvda dastlab “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining o‘rinbosari bank vakillarini aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, transformatsiya jarayonlari, iqtisodiy barqarorlikka erishish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijalari bilan tanishtirdi.

Bank vakillari tomonidan esa kredit loyihalari riskini hisobga olish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha sindikatlashgan kreditni amalga oshirish taklifi berildi hamda xalqaro moliyaviy bozorlar yo‘nalishlari ofislari ishtiroki bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, bank vakillari tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan privatizatsiya jarayoniga katta qiziqish bildirildi.

Hamkorlar “O‘zbekneftgaz” AJ da amalga oshirilayotgan loyihalarga bank tomonidan taklif etiladigan moliyaviy instrumentlar muhokamasiga ham e’tibor qaratishdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidlashdi.

Ma’lumot uchun: “Deutsche Bank AG” aktivlari miqdori bo‘yicha Germaniyadagi eng yirik moliyaviy konglomerat hisoblanadi. Ushbu bank valyuta bozorining eng yirik ishtirokchisi bo‘lib, 59 ta davlatdagi filial va vakolatxonalari orqali 28 million mijozga xizmat ko‘rsatadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|