May 6, 2023

“O‘zbekneftgaz” AJ Tataristonlik hamkorlar bilan innovatsiya va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" AJ delegatsiyasi Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari R.Shayxuddinov taklifiga binoan ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Tatariston Respublikasi vazirliklari, yetakchi kompaniyalari, ilmiy texnik va oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Tatariston Respublikasi Sanoat va savdo Vazirining o‘rinbosari M.Minibayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Казанькомпрессормаш” AJ, “Челныагроснаб” MCHJ, “Инженерно-производственный центр” MCHJ, “ПО ЕлАЗ” AJ kabi yetakchi kompaniyalar vakillari ham ishtirok etishdi.

“СИБУР Холдинг” va “Газпром Трансгаз Казань” kompaniyalariga tashriflar davomida tashkil etilgan muloqotlarda raqamli transformatsiya bo‘yicha tajribalar va erishilgan natijalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Xususan, “SIBUR Raqamli texnologiyalar” funksiyalarini amalga oshirish uchun kompaniyaga 200 dan ortiq mutaxassis, shu jumladan 100 nafar data analitiklari jalb qilinganligi samarali natija berganligi alohida qayd etildi. Muloqot chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari malakasini oshirish, “SIBUR” amaliyoti va “Raqamli texnologiyalar” funksiyalari bo‘yicha tajriba almashish uchun kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi ham muhokama etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasining neftchilar shahri – “Альметьевск”ga tashrifi doirasida “Tatneft” AJning raqamli transformasiya, inson resurslarini boshqarish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda qazib chiqarish va burg‘ilash jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Kadrlar tayyorlash markazi direktori Е.A. Titanov bilan ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etuvchi – injenerlar, ustalar, operatorlar, chilangarlar, payvandchilar va boshqa mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari kadrlar tayyorlashda “Jarayonlar fabrikasi” tajribasi o‘rganishdi.

“TATNEFT” AJ Bosh direktorining quduqlarni ta’mirlash, burg‘ilash va neft qatlamlarining mahsuldorligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosari R.Shafigullin boshchiligida Burg‘ilash boshqaruvi markaziga tashkil etilgan tashrifda ishlab chiqarish, quduqlarni qo‘riqlash, geologik qidiruv ishlari va ta’mirlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya a’zolari tashrif yakunida Tatariston Respublikasining IT marvaridi bo‘lmish Innopolis shahrida ham bo‘lishdi. Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari R.Shayxutdinov hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari B.Usmanov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar Tatariston IT universitetida raqamli transformatsiya va raqamlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz”AJ xodimlarini o‘qitish, raqamli platformalar va geoinformatsiya tizimlaridan foydalanish sohasida “O‘zbekneftgaz” AJ va Innopolis universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.

Tataristonda tashkil etilgan muloqotlar yakunlariga ko‘ra, tomonlar o'rtasida innovatsiya, raqamlashtirish va kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada jadallashtirish borasida bir qancha kelishuvlarga erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|