Buxoro NQIZ – yosh mutaxassislar uchun amaliy ta’lim va tajriba maktabi
“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiy korxonalarida talabalarni ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘langan holda tayyorlash, malakali mutaxassislarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni kunlarda amaliy ishlar doirasida Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Neft va neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi” hamda “Gazni chuqur qayta ishlash texnologiyasi” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalarining navbatdagi guruhi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashmoqda.
Talabalar uchun zavod tomonidan maxsus amaliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Unda ishlab chiqarish jarayonlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishish, sohadagi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xavfsizlik qoidalari va jismoniy muhitdagi faoliyatga oid ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Talabalar neftni qayta ishlash, benzin sifatini oshirish, dizel yoqilg‘isining tarkibidan oltingugurtni ajratib olish, aviatsiya kerosini ishlab chiqarish, neft mahsulotlarini saqlash va tashish jarayonlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri texnologik maydonlarda tanishishmoqda.
Ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ustoz-mutaxassislar faol ishtirok etmoqda. Ular talabalarga neft mahsulotlarini saqlash omborlari, quvur o‘tkazgichlar tizimi, nasos agregatlari va turli texnologik qurilmalarni ta’mirlash va nazorat qilish jarayonlarini amaliy tarzda ko‘rsatib berishmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bunday amaliy mashg‘ulotlar yosh mutaxassislarning real ish sharoitida bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ishlab chiqarish jarayoniga tez moslashishi hamda kelajakda muvaffaqiyatli mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi doirasida talabalarga ishlab chiqarish davomida foydalaniladigan zamonaviy uskunalar, avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari va ekologik xavfsizlik standartlari to‘g‘risida ham amaliy ma’lumotlar berilyapti.