Tabiiy gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish uchun yangi kompressor bloklari quriladi
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi gaz konlarida qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash va mavjud zahiralarni maksimal o‘zlashtirish maqsadida kichik kompressor stansiyalarini qurish loyihalari tez sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Qayd etish joizki, loyihaning birinchi bosqichida Xitoyning “Jereh Group” kompaniyasi tomonidan 15 ta kompressor bloki tayyorlanib, yetkazib berildi va ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda yana 64 ta kompressor bloki tayyorlanib, yetkazib berish rejalashtirilgan.
“O‘zbekneftgaz” delegatsiyasi Xitoyning Yantay shahrida o‘tkazilgan “Global sanoat energiyasi” sammitida ishtirok etib, “Jereh Group” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Dunyoning yetakchi kompaniyalari – “Ariel”, “Waukesha”, “Caterpillar” va “MyCom” vakillari ishtirok etgan sammit doirasida neft-gaz sanoatiga oid istiqbolli hamda muhim mavzular bo‘yicha ma’ruza, taqdimotlar o‘tkazildi.
Sammitda Jamiyat mas’ullari tomonidan “Jereh Group” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.
Delegatsiyamiz a’zolari shuningdek, “Jereh Group”ning kompressor qurilmalarini ishlab chiqarish yangi zavodining ochilish marosimida ishtirok etib, kompressor stansiyalarini mamlakatimizga yetkazib berish masalalarini muhokama qildilar.