January 22

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bir qator indekslarda yuqori natijani qayd etdi

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" AJda tizim korxonalari faoliyatini maxsus samaradorlik indekslari asosida baholash tizimi joriy etilgan. Bugungi kunda barcha asosiy ishlab chiqarish korxonalarida operatsion samaradorlik xizmatlari tomonidan korxonalar faoliyati doimiy ravishda baholanib, samaradorlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2024 yil yakuniga ko‘ra operatsion samaradorlik yo‘nalishida erishilgan natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda zavodning ishlab chiqarish, texnologik, energiya samaradorligi indekslari va tovar moddiy boyliklarining qoldiqlari darajasi muhokama qilindi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, zavodda olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida ishlab chiqarish samaradorligi indeksi o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga yaxshilangani qayd etildi.

Jumladan, 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 75,4 ming tonna ko‘proq tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Benzin bo‘yicha reja 106,9 foizga, dizel yoqilg‘isi bo‘yicha 156,5 foizga bajarildi.

Hisobot davrida qayta ishlash hajmi 5,4 foizga oshirilib, 3,7 ming tonna hajmdagi yoqilg‘i tejaldi. Shuningdek, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga energiya samaradorligi indeksida 3,4 foizga yaxshilanish qayd etilgan.

Ta’kidlash joizki, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi va erishilayotgan samara doimiy kuzatib borilmoqda. Xususan, 2024 yil davomida Buxoro NQIZda operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlardan erishilgan iqtisodiy samara 25,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Muhokama yakunida camaradorlik ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga qaratilgan tegishli choralar belgilandi va ular ijrosi uchun mas’ullar tayinlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook