Geologik qidiruv ishlari bo‘yicha xorijiy tajribalar o‘rganildi
"O‘zbekneftgaz" AJ Geologiya departamenti xodimlari Rossiyaning "LUKOYL-Injiniring" kompaniyasida amaliyot o‘tab qaytishdi.
Qayd etish joizki, "LUKOYL-Injiniring” qiyin va murakkab geologik konlardan maksimal foyda olish borasida ilg‘or usullardan foydalanishda katta tajribaga ega. Shuningdek, kompaniya ilmiy izlanishlar va yangi texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda, qazib chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator innovasion loyihalarni xalqaro miqyosda amalga oshiradi.
"O‘zbekneftgaz" AJ mutaxassislari safar doirasida geologik qidiruv razvedka va seysmik tadqiqotlar orqali uglevodorod konlarini izlash va konlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishga bag‘ishlangan qator seminarlarda ishtirok etdi.
Xorijliklar ishtirokida geologiya sohasida zamonaviy dasturiy ta’minot va texnologiyalardan foydalanish, havza modellashtirish va seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlari batafsil ko‘rib chiqildi. Seysmik va quduq ma’lumotlarini kompleks tahlil qilish usullari ham o‘rganildi.
Shuningdek, Rossiya va xalqaro standartlar asosida qidiruv burg‘ilash ishlari va hududiy xaritalar tuzish amaliyoti muhokama qilindi.
Turli mavzuda o‘tkazilgan treninglarda zamonaviy usullar yordamida neft va gaz zahiralarini aniq baholash imkoniyatlari o‘rganildi.
Yadro va rezervuar suyuqliklarini tadqiq qilish markaziga tashrif davomida, laboratoriya jihozlari va fizik-kimyoviy tadqiqot usullari namoyish etildi.