Yoshlar ishlab chiqarish maydonlarida
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida "O‘zbekneftgaz" AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar yosh mutaxassislari uchun ekskursiya tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishlari va zavodda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlardan boxabar bo‘lishlari uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Ekskursiya mehmonlarni kutib olish va zavod tarixi bilan tanishishdan boshlandi. Yosh mutaxassislarga neftni qayta ishlash va undan mahsulotlar tayyorlashning har bir bosqichi haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
Mahsulot sifatini tahlil qiluvchi laboratoriyalar, quyish-to‘ldirish estakadasiga sayyohat ishtirokchilarga tayyor mahsulotni tashishning tashkiliy jarayonlarini ko‘rish imkonini berdi.
Madaniyat saroyi va zavod muzeyi ekskursiyaning so‘nggi manzillari bo‘lib, unda yosh kadrlar zavod tarixi va madaniy hayoti haqida batafsil ma'lumot olishdi.
Yosh mutaxassislarning barcha savollariga javob berildi. Kasbiy rivojlanish bosqichlari va unda ahamiyat beriladigan jihatlar muhokama qilindi. Yoshlar bilan ishlash siyosatiga alohida e'tibor qaratildi. Ustoz-shogird dasturi, kasbiy mahorat musobaqalari, treninglar va ta'lim seminarlari dasturlari bilan tanishildi.
Ishtirokchilar zavod shunchaki ishlab chiqarish maydoni bo‘libgina qolmay, innovatsiyalar jarayoni va har bir xodimning hissasi yuqori qadrlanadigan jonli muhit ekanligini ta'kidladilar. Yoshlarning ko‘pchiligi zavodda tashkil etiladigan amaliyot va o‘quv dasturlarida qatnashish istagini bildirdilar.
Ekskursiya kun tartibi madaniy tadbirlar, shaharning tarixiy-me'moriy obidalarga sayohat bilan o‘z ishini yakunladi.
Shu o‘rinda alohida qayd etish joizki, "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati yoshlar salohiyatidan keng foydalanish, ularning kasbiy o‘sishini ta'minlash maqsadida turli o‘quv dasturlari, amaliyot va korporativ tadbirlarga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu esa kelajak avlod kadrlari uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tashish shubhasiz.