Mahalliy korxonalar bilan hamkorlik kuchaytirilmoqda
Navoiy shahrida o‘tkazilgan sanoat kooperatsiyasi yarmarkasida “O‘zbekneftgaz” AJ va uning korxonalari mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan qator amaliy kelishuvlarga erishdi.
Yarmarkada energetika, kimyo, elektrotexnika va qurilish materiallari sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar ishtirok etdi. “O‘zbekneftgaz” vakillari “Navprolitmash”, “Carbon Polymer”, “Elemer” va boshqa ishlab chiqaruvchilar quvvatlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar natijasida mahalliy purkagichlar va havo filtrlari ishlab chiqarish, quvurlar uchun markazlashtiruvchi tayyorlash, mahalliy silikon qistirmalarni sanoat sinovlaridan o‘tkazish, bosim o‘zgartirgichlar ishlab chiqarish va yetkazib berish yo‘nalishlarida kelishuvlarga erishildi. Bu import xarajatlarini qisqartirish va milliy sanoat rivojiga xizmat qiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ kelgusida ham mahalliy hamkorlar bilan innovasion yechimlarni amalga oshirishni davom ettiradi.