July 15

Davlat boshqaruvida inklyuziv korrupsiyaning oldini olish

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" АЖ mutaxassisi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens) xodimlaridan iborat delegatsiya tarkibida Latviyada tashkil etilgan Yozgi maktabda ishtirok etdi.

Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida Latviya Moliya va shartnomalar markaziy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasidagi ushbu tashabbus korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari vakillari uchun Yevropada ilk bor tashkil etilgan tajriba maydoni bo‘ldi.

Ishtirokchilar uchun Latviyaning davlat moliyaviy nazorati, davlat mulkini hisobga olish va uni idora qilish, investitsiya, sanoat va erkin iqtisodiy hududni rivojlantirish, bojxona, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni taʼminlash, huquqni muhofaza qilish va odob-axloq qoidalari nazoratiga masʼul vakolatli idora va tashkilotlari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar davomida tashkilotlarning ichki nazorat tuzilmalari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining faoliyatida korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bartaraf etish, ayni jarayonlarning normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi aniq amaliy misollar orqali o‘rganildi.

Shuningdek, odob-axloq qoidalari borasida ilg‘or yondashuv va zamonaviy mexanizmlar bilan yaqindan tanishildi.

Yozgi maktab tadbirlari doirasida Transparensy International tashkilotining sohadagi standartlari va hisobotlariga asoslangan holda milliy amaliyotni kuchaytirishga qaratilgan takliflar ham ishlab chiqildi.

Ushbu tashrif — ikki davlat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va xalqaro standartlarga asoslangan komplayens tizimini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati