Mahalliylashtirishda innovatsion yondashuvlar
Qarshi shahrida o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi doirasida “Mahalliylashtirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman "O‘zbekneftgaz" AJ, “Neft va gaz sohasidagi ta’lim-ishlab chiqarish klasteri” a’zolari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda O‘zbekiston neft va gaz sanoati ilmiy muhandislari jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Xitoy, Qatar, Rossiya, Ozarbayjan, Belorus, Tojikiston, Qozog‘iston va mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tekshirish institutlari olimlari va mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzalar mavzusi geologiya-qidiruv ishlari, konlarni ishlatishdagi innovatsiyalar, neft va gazni chuqur qayta ishlash, yashil kimyo hamda energiya tejamkor texnologiyalarni sohada rivojlantirish muammolari va istiqbollariga bag‘ishlandi. Shuningdek, olimlar sohada ta’lim va ishlab chiqarish klasterini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlarni muhokama etishdi.
Anjuman so‘nggida “Eng yaxshi innovasion g‘oya”, “Eng yaxshi innovatsion taqdimot” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lganlar va yosh olimlarga noutbuk, planshet va maxsus sertifikatlar topshirildi.
Yosh olimlar va mutaxassislar tomonidan tadbir tashkiliy qo‘mitasiga kelib tushgan 250 dan ziyod tezis va maqolalar yagona to‘plam sifati chop etildi.