October 16

“O‘zbekneftgaz” AJ xodimi “KOICA” Bitiruvchilar uyushmasiga prezident etib tayinlandi

Ruscha

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan "2024 Rivojlanish bo‘yicha hamkorlik kuni"ga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda "KOICA" o‘quv dasturlari bitiruvchilari uchun Bitiruvchilar uyushmasining tashkil etilgani e’lon qilindi.

Tadbirda Koreyaning yurtimizdagi elchisi Von Do Yon o‘quv dasturlari bitiruvchilarining tajribasi va bilimlari O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi uchun muhim ekanligini ta’kidladi.

Tadbirning asosiy yangiliklaridan biri — "KOICA" Bitiruvchilar uyushmasining ijro etuvchi a’zolari tayinlangani bo‘ldi. "O‘zbekneftgaz" AJ Moliyaviy va komplayens nazorati departamenti xodimi Komiljon Ahrorov Uyushma prezidenti lavozimiga tayinlandi.

Qayd etilishicha, "KOICA" Bitiruvchilar uyushmasi — bu Koreya xalqaro hamkorlik agentligining o‘quv dasturlari bitiruvchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va bilim almashish uchun tashkil etilgan platforma. Uyushma KOICAning rivojlanish dasturlarini o‘tgan ikki mingdan ziyod mutaxassisni birlashtiradi, ularning tajribasini yanada samarali qo‘llashga yo‘naltiradi. Bitiruvchilar uyushmasi doirasida har yili turli uchrashuvlar, tadbirlar va konferensiyalar o‘tkaziladi.

Komiljon Ahrorovning ushbu lavozimga tayinlanishi nafaqat uning "KOICA" dasturlaridagi tajribasi, balki "O‘zbekneftgaz" AJdagi ko‘p yillik samarali faoliyatini ham e’tirof etuvchi muhim qadam bo‘ldi.

Endi uning rahbarligida Bitiruvchilar uyushmasi ijro etuvchi a’zolari tashkilot faoliyatini boshqaradi. Uyushma "KOICA"ning xalqaro rivojlanish maqsadlarini ilgari suradi va bitiruvchilarning bilim va malakasini O‘zbekistonning turli sohalarida qo‘llashga yordam beradi.

"O‘zbekneftgaz" AJ jamoasi Komiljon Ahrorovni ushbu mas’uliyatli lavozim bilan muborakbod etadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook