Eng yaxshi 100 ta loyiha qatorida — "Oʻzbekneftgaz"ning 5 nafar ayol mutaxassisi!
Bu shunchaki gʻalaba emas. Bu — bilim, izlanish va jasorat bilan yaratilgan gʻoyalarning eʼtirofi. "InnoWeek–2026" doirasida xodimalarimizning innovatsion loyihalari davlat miqyosida eʼtirof etildi.
29-oktyabr kuni “CAEx” koʻrgazmalar markazida “InnoWeek–2026” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi yakunlandi. Haftalikning soʻnggi kunida “Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihalari” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Respublika boʻylab taqdim etilgan 935 ta ariza orasidan “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan 5 nafar mutaxassis ayolning loyihasi eng yaxshi innovatsion ishlanmalar qatoriga kirdi. Bu natija kompaniya xodimalarining ilmiy salohiyati, amaliy tashabbuslari va ishlab chiqarishga yangi yechimlar olib kirishga intilishining eʼtirofidir.
Muhandislik va kimyoviy hisob-kitoblardan tortib, ekologik xavfsizlik, operatsion samaradorlik hamda inson kapitalini rivojlantirishgacha boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab olgan loyihalar ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi bogʻliqlikni namoyon etadi.
Bunday tashabbuslar sanoatni modernizatsiya qilish, yangi yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish va sohada innovatsion fikrlashni rivojlantirish uchun muhim qadamdir.
“Oʻzbekneftgaz” AJ jamoasi barcha gʻoliblarni ushbu eʼtirof bilan samimiy qutlaydi va ularga yangi gʻoyalar, muvaffaqiyatli loyihalar hamda ulkan yutuqlar tilaydi.