May 15, 2025

“O‘zbekneftgaz” AJning raqamli transformatsiya strategiyasi taqdim etildi

Ruscha

“O‘zbekiston neft va gaz – OGU 2025” xalqaro ko‘rgazmasi va anjumani doirasida “Raqamli geologiya-qidiruv ishlari. Sun’iy intellekt, raqamli egizaklar, prognoz tahlili” mavzusida panel sessiya o‘tkazildi.

Unda "Honeywell", "Techenergy", "UEG" kabi xalqaro kompaniyalar vakillari tomonidan sun’iy intellekt, raqamli egizaklar va bashoratli tahlil kabi zamonaviy texnologiyalarning neft-gaz sohasidagi afzalliklari muhokama qilindi.

Sessiyada “O‘zbekneftgaz” AJning raqamli transformatsiya strategiyasi - sun’iy intellektni joriy etishga zamin yaratish” mavzusida ham ma’ruza qilindi.

Unda Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan raqamli rivojlanish - ma’lumotlarni raqamlashtirish, avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va intellektual boshqaruvni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan uch bosqichli yondashuv haqida so‘zlab berildi.

Qayd etish joizki, mazkur chora-tadbirlar allaqachon qaror qabul qilish samaradorligini oshirish va xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha o‘z samarasini bermoqda.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati