June 13, 2025

Gaz-kimyo sanoatining yuragiga press-tur

Ruscha

Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida joylashgan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Tashrif doirasida jurnalistlar majmuada amalga oshirilayotgan ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Ishtirokchilarga Markaziy boshqaruv binosi, Markaziy laboratoriya, Polietilen ishlab chiqarish bo‘limi, Tayyor mahsulotlar bo‘limi hamda Ilg‘or muhandislar maktabi faoliyati namoyish etildi.

Qayd etish joizki, zavod 2001 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 2002 yil аvgust oyida ilk “o‘zbek polietileni” ishlab chiqarilgan. Korxona "Sho‘rtan" gazkondensat koni bazasida tashkil etilgan bo‘lib, kam oltingugurtli tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan.

Majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar orasida turli markadagi polietilen granulalari, texnik oltingugurt, propan-butan aralashmasi, tovar gazlari va boshqalar mavjud.

Press-tur ishtirokchilari jarayonlar bilan tanishar ekan, majmuada xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik qurilmalar, zamonaviy asbob-uskunalar hamda yuqori malakali kadrlar salohiyatiga alohida e’tibor qaratilganligini e’tirof etishdi.

Mazkur press-turda jurnalistlar nafaqat sanoat majmuasi faoliyatini yoritish, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sohadagi islohotlar va investisiyaviy loyihalarga oid tahliliy ma’lumotlarga ham ega bo‘lishdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati