November 22, 2024

Yangi qatlamlarni o‘zlashtirish natijasida ishlamay turgan quduqlardan gaz olinmoqda  

Ruscha

Ommaviy axborot vositalari vakillari press tur doirasida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Doyaxotin” konidagi quduqda bo‘lishdi.

“Doyaxotin” konlar guruhida olib borilgan geofizik tadqiqotlar natijalarini tahlil qilinishi asosida, konning XII – qatlam, ya’ni bo‘r yotqiziqlaridan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi.

Jurnalistlar sinov ishlaridan so‘ng kunlik 216 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishilgan kondagi kam debitli 15–sonli quduqqa olib borildi.

- Ushbu qatlam oldin o‘rganilmagan va gaz zaxirasi aniqlanmagan, - deydi jurnalistlar bilan suhbatda boshqarma direktori J.Ahmedov. - Ayni paytda bo‘r yotqiziqlari tarqalish chegaralarini o‘rganish ishlari davom etmoqda va XII, XIV qatlamlarda ishlatilayotgan quduqlar ishlash dinamikasi o‘rganilib kelajakda zaxiralar balansi hisoblash ishlari rejalashtirilgan. Qolaversa, zaxiralarni o‘stirish ishlari boshqa konlarda ham chuqur o‘rganilmoqda.

Qayd etish joizki, ushbu kondagi 14-, 88-, 100-, 105-, 109-, 111-sonli quduqlarda ham aynan shu qatlamda sinov ishlari o‘tkazilib, har biridan kunlik o‘rtacha 200-250 ming kub metrdan tabiiy gaz qazib chiqarilishiga erishildi.

Ma’lumot uchun: "Doyaxotin" gazkondensat koni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan bo‘lib, 2009 yilda ishga tushirilgan.

Press-tur davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook