“O‘zbekneftgaz”: “PETON” kompaniyasi bilan tabiiy gazni qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirish imkoniyatlari o‘rganildi
“O‘zbekneftgaz” AJ va “PETON” kompaniyasi mutaxassislari hamkorligida Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidagi tabiiy gazni qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, “PETON” kompaniyasi Rossiyaning yirik texnologik muhandislik xoldinglaridan biri bo‘lib, neft va gaz sohasida xom ashyoni monetizatsiyalash, loyihalash, qurilma va jihozlarni ishlab chiqarish, qurilish, loyihani olib borish va YeRS xizmatlarini amalga oshiradi. Kompaniya tashkil etilganidan buyon MDH davlatlarida 170 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga tashriflar mobaynida xorijiy mutaxassislar bilan gazni qayta ishlash va gazkimyo sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qayta ishlash jarayonlarini modernizatsiyalash, yuqori samarali ilmiy ishlanmalarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish sarf harajatlarini kamaytirish va texnologik jarayon sikllarini qisqartirishni yo‘lga qo‘yishda qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidagi komponetlardan samarali tozalash texnologiyalarini joriy etish muhim hisoblanadi.
Shu bois “PETON” kompaniyasi mutaxassislarining korxonalardagi tabiiy gaz tarkibidan komponentlarni ajratib olish va ulardan yuqori qo‘shilgan qiymatdagi tovar mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha takliflari tinglandi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida xom ashyo gazlaridan etan gazini monetizatsiya qilish, tovar gaz tarkibidagi oltingugurt merkaptanini belgilangan me’yorlarga tushirish, nordon gazlarni tozalash va ulardan texnik oltingugurt mahsulotini olish unumdorligini ko‘tarish, suyultirilgan uglevodorodlar ajralish hamda tozalash jarayonining samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish texnologik quvvatlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikda o‘rganishlar olib borish belgilab olindi.