Neft va gaz sanoatidagi innovatsion texnologiyalarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish, ularni qayta ishlash samaradorligini oshirishning innovatsion texnologik yechimlari hamda soha uchun kadrlar tayyorlashda klasterlar roliga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda "O‘zbekneftgaz" AJ mutaxassislari raqamli transformatsiya va konlarni ishlatishda kompleks yondashuv bo‘yicha o‘zlarining amaliy tajribalarini taqdim etdilar.
Kompaniya xodimlari tomonidan “Gaz qazib olishni optimallashtirishning raqamli yechimlari: O‘zbekistonda ko‘p variantli integratsiyalashgan modellashtirishdan foydalanish tajribasi” va “Quyi Sharqiy Berdaх” konidagi quduqlarni burg‘ilash samaradorligini baholash” mavzusidagi ma’ruzalar taqdim etildi.
Ular o‘z taqdimotlarida geologik va gidrodinamik model, yer usti infratuzilmasini o‘zida integratsiyalashgan yaxlit modellarni joriy etish natijasida oldindan prognozlashtirish, geologik-texnik tadbirlarni oqilona rejalashtirish, gaz yig‘ish tizimidagi kamchiliklarni aniqlash imkoni yaratilgani haqida to‘xtalib o‘tdilar. Bu texnologik samaradorlikni oshirish va uglevodorodlarni barqaror qazib olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, neft-gaz sohasini raqamli transformatsiya qilishga jalb etilgan yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash muhimligiga urg‘u berildi.
Sanoat ta’lim klasterlarini rivojlantirish va universitetlar bilan yaqin hamkorlik barqaror texnologik rivojlanishning muhim elementiga aylanib borayotgani ta’kidlandi.